TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti va ERGO Analytics ijtimoiy va inson kapitalini oʻrganish sohasida hamkorlik memorandumi imzoladi

Blog Image

Bugungi kunda inson va ijtimoiy kapital iqtisodiy rivojlanish hamda hayot sifatini belgilovchi asosiy omillar sifatida eʼtirof etilgan.

Soʻnggi o‘n yilliklarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shuni isbotlamoqda: aynan taʼlim darajasi, ko‘nikmalar, sog‘liq holati va ijtimoiy kapital ko‘rsatkichlari mamlakatlarning raqobatbardoshligi hamda barqaror rivojlanish salohiyatini belgilab beradi.

Rivojlanayotgan davlatlar uchun bu mavzu ayniqsa dolzarb. Chunki bu yerda ijtimoiy va inson kapitali nafaqat muhim tarkibiy qismlar, balki iqtisodiy o‘sish, jamiyat barqarorligi va hayot sifatini oshirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi.

Ushbu omillarni oʻrganish milliy strategiyalarning ajralmas qismiga, rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda muhim yo‘nalishga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti va ERGO Analytics kompaniyasi ijtimoiy va inson kapitali sohasida tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Memorandum doirasida ERGO Analytics, Inson va inson kapitalini o‘rganish laboratoriyasi ko‘magida, universitetga metodologik va tadqiqot yo‘nalishida yordam ko‘rsatadi — TIQXMMI professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilariga ilmiy maqolalar yozishda, tadqiqotlar olib borishda hamda zamonaviy akademik standartlar va maʼlumotlarni tahlil qilish uslublarini o‘rganishda ko‘maklashadi.

Hamkorlikning maqsadi — barqaror ilmiy ekotizimni shakllantirish, yosh olimlarning akademik salohiyatini rivojlantirish hamda universitetning xalqaro ilmiy nashrlar faoliyatini oshirishdir.


Laboratoriya rahbari — Raufxon Salahodjaev, inson kapitali va barqaror rivojlanish sohasida tadqiqot olib boruvchi iqtisodchi olim, ERGO Analytics kompaniyasi direktori.

U Nyu-York Davlat universitetini tamomlagan va TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida PhD darajasini olgan.

Raufxonning 100 dan ortiq ilmiy maqolalari Scopus bazasida indekslangan jurnallarda chop etilgan (H-indeksi — 26), shuningdek, u Springer nashriyoti tomonidan chop etilgan bir necha akademik kitoblarning muallifidir.