22-sentyabr kuni ERGO Analytics huzuridagi Inson va inson kapitalini oʻrganish laboratoriyasi Oʻzbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi.
Ushbu kelishuv doirasida nogironligi boʻlgan shaxslarning kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan taʼlimiy va amaliy treninglar seriyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan tez oʻrganiladigan kasblar boʻyicha oʻqitish;
Oʻziga ishonchni mustahkamlash va motivatsiyani oshirishga qaratilgan psixologik treninglar;
Ishtirokchilar oʻz huquqlarini bilishlari va himoya qila olishlari uchun huquqiy seminarlar;
Rezyume tuzish va suhbatlarga tayyorlanish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar.
Tashabbusning maqsadi — nogironligi boʻlgan insonlarning ijtimoiy va kasbiy integratsiyasiga koʻmaklashish, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda bandlik imkoniyatlarini kengaytirishdir.